Qoraqalpog‘istonda o‘quv yili yakunlari tanqidiy muhokama etildi

Xalq taʼlimi vaziri Baxtiyor Saidov bugun Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq taʼlimi vazirligi hamda tuman va shahar xalq taʼlimi bo‘limi mudirlari bilan uchrashib, o‘quv yili yakunlari bo‘yicha mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, yozgi taʼtilni mazmunli o‘tkazish, yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik jarayonlarini tashkil etishda amalga oshiriladigan vazifalar tanqidiy muhokama qilindi.

“Shu o‘quv yilining o‘zida bir necha marotaba Qoraqalpog‘istonda bo‘ldik, afsuski, joylarda tuman mudirlari, maktab rahbarlarining dunyoqarashi o‘zgarmayotganligini ko‘ryapmiz”, — deya taʼkidladi vazir.

photo2022-06-1418-01-24-kopia.jpg

Mamlakat taraqqiyoti, ertangi kelajak barchamizning, shu jumladan pedagoglar qo‘lida ekanligi, o‘quvchilarning taqdiriga biz masʼul ekanligimizni yana bir bor eslatib o‘tdi.

Shuningdek, uchrashuvda Qoraqalpog‘istonda taʼlim sifatini oshirish, maktabda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yaxshilash, o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish, har tomonlama maʼnaviy yetuk, mustaqil dunyoqarashga ega bo‘lgan, maktabda olgan bilimlarini hayotda qo‘llay oladigan bitiruvchilarni tarbiyalashda pedagoglarning masʼuliyati tushuntirib berildi.

photo2022-06-1418-01-27-kopia.jpg

“Qoraqalpog‘istonda faoliyat olib borayotgan ishlab chiqarish, qurilish va boshqa sohalarga yangi zamonaviy nano texnologiyalarni joriy etadigan yosh mutaxassislarni tayyorlash maqsadida o‘quvchilarni maktabdan kasb-hunarga yo‘naltirishimiz zarur”—deya taʼkidlandi uchrashuv chog‘ida.

Joriy yilning 11 may kuni qabul qilingan 2022-2026 yillarda xalq taʼlimi sohasini rivojlantirish bo‘yicha Milliy dastur va uning ijrosiga qaratilgan Farmon va Qarorning mazmun-mohiyati, unda belgilangan vazifalar haqida atroflicha maʼlumot berildi.

photo2022-06-1418-01-21-kopia.jpg

Taʼlim muassasalaridagi muammolarni hal etishga qaratilgan hududiy dasturlar ijrosini o‘z vaqtida taʼminlash, tuman va shahar hokimlari, sektor rahbarlari bilan birgalikda maktablarda o‘quvchilar uchun munosib sharoitlarni yaratish, mahalliy hokimliklar moddiy-texnik bazasini, xalq taʼlimi bo‘limlari esa maktabdagi mazmun, yaʼni sifatli taʼlimni taʼminlab berishi zarurligi tushuntirildi.

photo2022-06-1418-02-25-kopia.jpg

Uchrashuv yakunida sohadagi islohotlarni amalga oshirishda pedagoglardan tortib, maktab direktori, tuman xalq taʼlimi bo‘limi va viloyat boshqarmasi xodimlarining birgalikda jamoa bo‘lib ishni tashkil etish bo‘yicha shaxsiy javobgarligi belgilab berildi.

Share to: